Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta hujumchi Viktor Dyokeresh va vinger Bukayo Sakaning maydondagi hamkorligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shvesiyalik va ingliz futbolchilari Premyer-liga doirasida shanba kuni «Fulxem»ga qarshi kechgan bahs qahramonlariga aylanishdi: birinchisi dubl qayd etib, bitta golli uzatmani amalga oshirgan bo‘lsa, ikkinchisi o‘z hisobiga bittadan gol va assist yozdirib qo‘ydi.
Uchrashuv «to‘pchilar»ning 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Dyokeresh va Saka dueti? Afsuski, jarohatlar sababli ular birgalikda u qadar ko‘p o‘ynashmadi, lekin ularda o‘zaro tushunish darajasi yuqori. Bugungi o‘yinda ularning hamkorligi menga juda manzur bo‘ldi», — dedi Arteta jurnalistlar bilan suhbatda.
5 may kuni «Arsenal» Chempionlar ligasi finaliga chiqishi mumkin — buning uchun o‘z maydonida Madridning «Atletiko» jamoasini yarim final javob bahsida mag‘lub etishi lozim (birinchi o‘yin — 1:1).













