Londonning «Vest Xem» klubi bosh murabbiyi Nunu Eshpiritu Santuning kelajagi borasida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
The Telegraph nashrining ta’kidlashicha, «bolg‘achilar» portugaliyalik mutaxassisni jamoa Premyer-ligadan tushib ketgan taqdirda ham saqlab qolmoqchi. Biroq yakuniy qaror murabbiyning o‘ziga bog‘liq bo‘lishi qayd etilmoqda. Agar «Vest Xem» APLni tark etsa, har ikki tomon tovon puli to‘lamasdan shartnomani bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Nunu Eshpiritu Santu «Vest Xem»ni o‘tgan yozda qabul qilib olgan edi. APLning 35 turidan so‘ng jamoa turnir jadvalida 18-o‘rinni egallab, xavfli hududda bormoqda. Klub hisobida 36 ochko bor va ularni 17-o‘rindagi «Tottenxem»dan atigi bir ochko ajratib turibdi.













