«Tottenxem» va Niderlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Xavi Simons shifoxonadan fotosurat joylashtirdi. U kecha o‘ng tizzasidagi oldingi xochsimon bog‘lamlari uzilishi tufayli muvaffaqiyatli operasiya qilindi.
«Men bir muddat ko‘zdan yo‘qoldim. O‘z ishim bilan band bo‘ldim, mahoratimni yanada oshirdim. Kirish qismi yakunlandi. Endi esa oldinga», — deb yozdi Simons ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. Suratda u oyog‘i bog‘langan holatda, ikkala qo‘lining bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib turgani tasvirlangan.
Shu tariqa, Simons bo‘lajak jahon chempionatida ishtirok eta olmaydi. Uning yil yakuniga qadar safga qaytishi kutilmoqda. Joriy mavsumda yarim himoyachi APLda 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













