«Arsenal» yarim himoyachisi Deklan Rays «to‘pchilar» muxlislarini joriy mavsumdagi Chempionlar ligasi finaliga kelishga chaqirdi. Turnirning hal qiluvchi bahsi 2026 yil 30 may kuni Budapeshtdagi «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi.
«Qani, olg‘a – men tayyor bo‘laman. Budapesht, men stadionda barcha «Arsenal» muxlislarini ko‘rishni istayman. 200 ming kishi, kelinglar! Keling, bu oqshomni haqiqatan ham o‘ziga xos qilaylik. Men doim aytganman, bu klub – shunchaki klub emas. Bu — oila. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Aynan mana shu jipslik bizni hozirgi darajamizga olib keldi», — deya Raysning so‘zlarini keltiradi mashhur insayder Fabrisio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» yarim finalda «Atletiko Madrid»ni mag‘lub etib, final yo‘llanmasini naqd qilgan edi. Ularning finaldagi raqibi bugun tunda bo‘lib o‘tadigan «Bavariya» — «PSJ» bahsidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.













