«Barselona» vingeri Rafinya yozgi transfer oynasi oldidan o‘z kelajagi borasida ikkilanayotgani haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
«Mening ehtimoliy ketishim haqida maqola yozgan jurnalist ilgari ham men haqimda boshqa yolg‘onlarni tarqatgan edi. U go‘yoki men klub rahbariyati bilan uchrashib, o‘z shubhalarimni muhokama qilganimni, «Barselona»da qolish yoki qolmaslikni bilmayotganimni iddao qilmoqda. Bu odam faqat yolg‘on gapirish bilan band. Har safar u biror voqeani e’lon qilsa, keyin uni o‘chirib tashlashga majbur bo‘ladi — doim yoki deyarli doim shunday. Uning og‘zidan faqat bema’ni gaplar chiqadi», — deya Rafinyaning so‘zlarini keltiradi BarcaTimes.
Rafinya yaqinda jarohatidan qutildi va 10 may kuni «Real»ga qarshi kechadigan «El-Klasiko»da maydonga tushishi kutilmoqda.













