«Barselona» va Ispaniya terma jamoasining sobiq himoyachisi Jerar Pike Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi tomonidan jazoga tortildi.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, hozirda «Andorra» klubi hammuassislaridan biri bo‘lgan Pike hakam bilan yuz bergan mojaro sabab ikki oyga rasmiy futbol faoliyatidan chetlatildi.
Hodisa «Andorra»ning «Albasete»ga qarshi o‘yinidan keyin sodir bo‘lgan. Ushbu bahsda Pike jamoasi 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Hakam Alonso de Ena Volf bayonnomada o‘yindan keyin Pike uning manziliga bir qator keskin fikrlar bildirganini qayd etgan.
Tartib-intizom qo‘mitasi ikki oylik chetlatishni «sport qadriyatlari va xulq-atvor me’yorlariga putur yetkazuvchi ommaviy harakatlar» bilan izohladi.
Bundan tashqari, Pike hakamlarga nisbatan yengil agressiya ko‘rsatgani bilan bog‘liq harakatlari uchun alohida ravishda olti o‘yinga diskvalifikasiya qilindi.
Shuningdek, «Andorra»ning boshqa vakillari ham jazolandi. Klub prezidenti Ferran Vilaseka to‘rt oyga chetlatildi, sport direktori Jaume Noges ham diskvalifikasiya oldi.
Jerar Pike futbolchilik faoliyatini 2022 yilda yakunlagan. U «Barselona» safida to‘qqiz marta La Liga g‘olibi bo‘lgan va uch bor Chempionlar ligasini yutib olgan. Ispaniya terma jamoasi bilan esa 2010 yilgi Jahon chempionati va 2012 yilgi Yevropa chempionatida zafar quchgan.













