«Bavariya» klubi faxriy prezidenti Uli Xyoness Myunxen jamoasining Germaniya chempionatidagi mutlaq ustunligi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Ma’lumot uchun, so‘nggi 14 yil ichida «Bavariya» 13 bor Bundesliga oltin medallarini qo‘lga kiritgan.
Faqatgina 2023/2024 yilgi mavsumda Leverkuzenning «Bayer» klubi chempionlikka erishib, myunxenliklarning seriyasini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan edi.
«Bu «Bavariya» uchun shubhasiz yaxshi, lekin chempionat uchun... Ha, ertami-kechmi biz yana qoqilamiz, biroq o‘shanda boshqalar bundan foydalanishga tayyor turishlari kerak», — deya Xyonessning so‘zlarini keltiradi Bayern & Germany.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Vensan Kompani shogirdlari navbatdagi chempionlikni muddatidan oldin naqd qilishdi. Jamoa Bundesliganing bir mavsumida kiritilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi — hozirda myunxenliklar hisobida 33 ta o‘yinda 117 ta gol mavjud.













