Xalqaro futbol assosiasiyalari kengashi (IFAB) burchak va jarima zarbalari amalga oshirilishidan oldin jarima maydonchasi ichida futbolchilarning bir-biriga qarshi kurashishi bilan bog‘liq qoidalarni o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, to‘p o‘yinga kiritilgunga qadar raqib bilan kurashish qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Shu sababli ko‘plab futbolchilar uzatma amalga oshirilgunga qadar bir-birini ushlab qolishga yoki tortishga harakat qilishadi.
Ba’zi yuqori martabali mulozimlarning fikricha, bunday kurashlar nazoratdan chiqib ketgan. APLning 36-turidan o‘rin olgan «Vest Xem» — «Arsenal» (0:1) uchrashuvida «bolg‘achilar»ning goli bekor qilingani ushbu masalaga e’tiborni qaratdi: o‘sha vaziyatda har ikki jamoaning bir necha futbolchilari raqiblarini ushlab turgan va ochiqchasiga kurash olib borgan edi.
IFAB bu vaziyatni kelasi mavsum davomida ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
«Biz buni kelasi mavsumda o‘rganib chiqamiz, chunki bu juda jiddiy muammoga aylandi. Masala mart oyidagi yig‘ilishimizdan oldin ham ko‘tarilgan edi, biroq uni batafsil o‘rganish uchun vaqt juda kam qolgandi. Shuning uchun biz bu bilan hozir shug‘ullanamiz», — deya IFAB vakilining so‘zlarini keltiradi The Times.
ESPN ushbu ma’lumotni tasdiqladi va muhokamalar kuzda boshlanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.













