Joze Mourinyoning "Real Madrid"ga qaytishi kutilayotgani haqidagi xabarlar "Barselona" atrofida allaqachon xavotir uyg‘ota boshladi. COPE nashri bilan hamkorlik qiluvchi "Barsa" jurnalisti Pako Gonsales Florentino Peresning ushbu tanlovidan norozi ekanini yashirib o‘tirmadi.
"So‘nggi paytlarda Mourinyoning muxlislari ko‘payib qolganini bilaman, lekin u so‘nggi o‘n yilni quyi pog‘onadagi jamoalarni boshqarish bilan o‘tkazgan, g‘alaba qozonmay qo‘ygan shunchaki bir inson. U endi "Inter"dan kelib, Yevropa kubogini yutgan paytdagidek serg‘ayrat emas", — deydi Gonsales.
Shuningdek, jurnalist murabbiy va klub rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlarga ham to‘xtaldi:
"U Jorje Mendesh qo‘l ostidagi odam. U "Real" bilan gaplashmaydi, to‘g‘rirog‘i Xose Anxel bilan muloqot qilishi mumkin, lekin Florentino Peres bilan emas. O‘z vaqtida Peres va Mourinyoning munosabatlari yaxshi yakunlanmagan edi. O‘sha paytda Florentino bilan aloqalarim juda yaxshi edi va u Mourinyoga shartnomani uzaytirishni taklif qilmagan.
Mourinyo ketgan paytda kiyinish xonasi bo‘linib ketgan, Kasilyas "ayg‘oqchi"dek ish tutgan. Buning ustiga, u — bezori. Xuddi prezident sifatida Pikeni bezoriligi uchun yoqtirmaganimdek, Mourinyoni ham yoqtirmayman, chunki u ham bezori. Menga esa bezorilar yoqmaydi", — deya fikrini yakunlagan jurnalist.













