Milanning «Inter» klubi sardori Lautaro Martines jamoaning chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyingi kayfiyati va motivasiyasi haqidagi savollarga javob berdi. Bugun «neradzurrilar» Italiya Kubogi finalida «Lasio»ga qarshi maydonga tushadi.
Ko‘pchilik Rim klubi ushbu bahsga yuqoriroq motivasiya bilan yondashishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq Lautaro jamoaning professionalligiga shubha qilmayapti.
«Biz professionallarmiz, klubimizni va raqiblarimizni hurmat qilamiz. O‘zligimizga sodiq qolishimiz va oxirigacha qattiq mehnat qilishda davom etishimiz kerak. Oldinda Italiya Kubogi finali va A Seriyada yana ikkita o‘yin bor. Shanba kuni «Lasio»ga qarshi kechgan bahsda (3:0) Skudettoni qo‘lga kiritganimizdan keyin ham to‘xtab qolmasligimizni isbotladik», — dedi Martines klub telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Italiya Kubogining final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.













