«Real» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liga doirasidagi «Real Ovyedo»ga qarshi o‘yin oldidan jurnalistlar savollariga javob berdi.
— Bu mavsumda «Real» o‘z tarixidagi eng past nuqtaga tushdi deb hisoblaysizmi?
«Bu savol meni hayron qoldirmoqda. Unda boshqa klublar haqida nima deyish mumkin? Axir biz 50 yildan beri sovrinsiz yurganimiz yo‘q. «Real» doimo yuqori talabchanlik va ko‘prog‘iga intilish tufayli o‘z mavqeini saqlab kelgan. Bu yerda kimdir «Real» keyingi mavsumda ham hech narsa yuta olmaydi deb aytishga botinmaydi deb o‘ylayman.
Men klubdagi yoki kiyinish xonasidagi beqarorlik haqidagi gaplarni tushunmayapman. «Real» uzoq vaqtdan beri ko‘p ishlarni to‘g‘ri amalga oshirib kelmoqda: klub moliyaviy jihatdan barqaror, yaxshi boshqariladi va bu yerda buyuk futbolchilar yig‘ilgan. Yozda albatta zarur tahlillar o‘tkaziladi va tarkib kuchaytiriladi. Biz yanada kuchliroq «Real»ni ko‘ramiz. Ammo bu sport — har yili Chempionlar ligasi yoki ichki chempionatda g‘alaba qozonish imkonsiz», — dedi Arbeloa.
Ma’lumot uchun, «Real» 2025/2026 yilgi mavsumni sovrinsiz yakunlamoqda.













