Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liga 36-turi doirasidagi «Ovyedo»ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida futbolchilar bilan ishlash uslubi haqida gapirdi.
Murabbiyning OAV oldida futbolchilarini himoya qilishi va ba’zilar uni «yumshoq mutaxassis» deb hisoblashi borasidagi fikriga Arbeloa quyidagicha javob berdi:
«Qarorlarimga nisbatan bo‘layotgan tanqidlarni tushunaman. Men ko‘pincha o‘ylaganlarimni aytaman, ba’zida esa aytishim kerak bo‘lgan gaplarni gapiraman. Lekin men futbolchilarga aynan shunday munosabatda bo‘laman va yoshlar jamoasida ishlaganimda ham shunday yo‘l tutganman. Murabbiy o‘z futbolchilari uchun qalqon bo‘lishi shart.
Ular bilan yuzma-yuz qolganimda esa, bu yerda aytmasligim kerak bo‘lgan gaplarni aytaman. Va bu doimo hurmat doirasida bo‘ladi. Men talabchan bo‘lganman, ularni oldinga undaganman, nima ustida ishlash kerakligini, nimani yaxshi bajarganimiz-u, qayerda xato qilganimizni tushuntirganman... O‘z yondashuvimni o‘zgartirmagan bo‘lardim», — deydi Arbeloa.













