«Barselona» yarim himoyachisi Dani Olmo La Liganing 36-turida «Alaves»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat (0:1) borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritgan kataloniyaliklar fevral oyidan beri ilk bor chempionatda imkoniyatni boy berishdi.
Elitada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Alaves»ga muhim uch ochkoni birinchi bo‘lim yakunida Ibrahim Diabate tomonidan kiritilgan gol taqdim etdi.
«Bu yerda hech qanday bahona bo‘lishi mumkin emas. Biz mavsumni 100 ochko bilan yakunlashni maqsad qilgandik, ammo endi bu amalga oshmaydigan bo‘ldi. Endigi niyatimiz — qolgan ikki o‘yinda g‘alaba qozonish», — deya Olmoning so‘zlarini keltirmoqda Barca Universal.
Ayni damda kataloniyaliklar hisobida 91 ochko mavjud. Ikkinchi o‘rindagi Madridning «Real» klubi bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lsa-da, «Barselona»dan 14 ochkoga ortda qolmoqda va chempionlik uchun kurashish imkoniyatini allaqachon yo‘qotgan.













