Bugun, 14-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida shaxmat bo‘yicha Grand Chess Tour 2026 turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning ikkinchi bosqichi — 2026 Super Chess Classic Romania musobaqasi start oladi.
Mazkur nufuzli musobaqada jahonning eng kuchli 10 nafar grossmeysteri g‘oliblik uchun bahs olib boradi. E’tiborli tomoni shundaki, ular orasida O‘zbekiston vakili Javohir Sindorov ham bor. Unda Javohirga Fabiano Karuana, Anish Giri, Vinsent Keymer, Alireza Firuzja, UYEsli So, Rameshbabu Pragnandha, Bogdan Daniyel, Maksim Vashe-Lagrav va Jordan van Forest kabi shaxmatchilar raqiblik qiladi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
23-mayga qadar davom etadigan mazkur bosqichning ilk partiyalari bugun, 14-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da start oladi.
Ma’lumot uchun, Grand Chess Tour 2026 turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning birinchi bosqichi Polsha poytaxti Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda amerikalik Hans Niyeman chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Javohir Sindorov esa umumiy 16,5 ochko bilan 7-pog‘onani band etgan edi.













