«Bavariya»ning bir yo‘la uch nafar futbolchisi jamoa safidagi so‘nggi uy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Gap chap qanot himoyachisi Rafael Gerreyru, yarim himoyachi Leon Goreska va hujumchi Nikolas Jekson haqida ketmoqda.
Bild nashrining xabariga ko‘ra, Myunxen klubi Bundesliganing so‘nggi turi doirasidagi «Kyoln»ga qarshi bahs oldidan futbolchilar bilan chiroyli tarzda xayrlashuv marosimini o‘tkazadi. «Alyans Arena»ga tashrif buyuradigan 75 ming tomoshabin qarshisida ularning har biriga gullar va maxsus kollajlar topshiriladi.
«Bavariya» va «Kyoln» o‘rtasidagi uchrashuv shanba kuni, Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi. Vensan Kompani jamoasi chempionlikni allaqachon naqd qilib qo‘ygan.













