Angliya Premyer-ligasining 2025/2026 yilgi mavsumi 37-turidan o‘rin olgan, Londonning «Chelsi» va «Tottenxem» klublari o‘rtasidagi bahs yakunlandi. O‘yin Londondagi «Stemford Bridj» stadionida bo‘lib o‘tdi va unda mezbonlar 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Uchrashuvdagi ilk golni 18-daqiqada «Chelsi» yarim himoyachisi Enso Fernandes kiritdi. 67-daqiqaga kelib yana bir yarim himoyachi Andrey Santos mezbonlarning ustunligini ikkitaga oshirdi. Mehmonlar hujumchisi Risharlison 74-daqiqada hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning qolgan vaqtida jamoalar darvozalarni qattiq qo‘riqlashdi va boshqa gol urilmadi — 2:1.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Chelsi» Angliya chempionati turnir jadvalida 37 o‘yindan keyin 52 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. «Tottenxem» esa APL jadvalining 17-pog‘onasidan joy olgan. «Shporlar» hisobida 38 ochko mavjud va ularni xavfli hududdan atigi ikki ochko ajratib turibdi.
Kelgusi yakuniy turda «Chelsi» safarda «Sanderlend» mehmoni bo‘lsa, «Tottenxem» o‘z maydonida «Everton»ni qabul qiladi. APL 38-turining barcha uchrashuvlari 24 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi.













