Argentinalik yarim himoyachi Emiliano Buendiya UYEFA Yevropa ligasi 2025/2026 finalidagi “Aston Villa” — “Frayburg” (3:0) bahsida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.
Finalda “Aston Villa” 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarga Yuri Tilemans, Emiliano Buendiya va Morgan Rodjers mualliflik qildi.
“U ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Maydon chiziqlari orasida juda yaxshi harakat qildi, butun uchrashuv davomida sifatli uzatmalar berdi va hujumlarda yuqori intensivlik ta’minladi. Shuningdek, chiroyli gol va assist ham qayd etdi”, — deyiladi UYEFA texnik kuzatuvchilari xulosasida.
Buendiya Yevropa ligasi-2025/26 mavsumida jami 15 ta o‘yinda qatnashib, 4 ta gol va 6 ta assist qayd etdi.
“Aston Villa” ushbu g‘alaba orqali klub tarixida ilk bor UYEFA Yevropa ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi va musobaqada zafar quchgan oltinchi ingliz jamoasiga aylandi.
Jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri esa faoliyatida beshinchi marta Yevropa ligasida g‘olib chiqdi.













