«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike jurnalistning Usman Dembele butun jamoa uchun himoyada mehnat qilish borasida o‘rnak bo‘la oladimi, degan savoliga javob berdi.
«Bu Usmonning mentaliteti. U o‘yin va daqiqadan qat’i nazar, doimo himoyalanadi. Bunday futbolchiga ega bo‘lish juda muhim. Odatda hamma uning faqat hujumdagi harakatlarini ta’kidlaydi, lekin hech kim uning himoyadagi harakatlari haqida gapirmaydi. Jamoa to‘psiz qolganda himoyalanish kerak — buning yomon joyi yo‘q, bu qochish kerak bo‘lgan narsa emas. Basketbolda ham shunday — ham hujum qilish, ham himoyalanish kerak, aks holda hech narsa chiqmaydi», — deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda L’Equipe.
Joriy mavsumda Dembele 39 ta o‘yinda 19 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 30 may kuni uning jamoasi Chempionlar Ligasi finalida «Arsenal»ga qarshi maydonga tushadi.













