Shimoliy Amerikada bo‘ladigan Jahon chempionati startiga bir oydan kamroq vaqt qoldi. Ammo musobaqa mezbon mamlakatlarida, xususan, AQSHda unga qiziqish juda past. Buni qidiruv tizimlari ma’lumotlariga asoslanib o‘tkazilgan tahlillar ham tasdiqlagan.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida amerikaliklarning mundialga e’tibori juda sust. Internetdagi qidiruvlar maksimal ko‘rsatkichning atigi 45 foizini tashkil qilgan, xolos. Odamlar faqatgina o‘yinlar taqvimi e’lon qilingan kunlarda (31 mart – 2 aprel oralig‘ida) chempionat bilan bir oz qiziqqan. Qolaversa, onlayn chipta xarid qilish bo‘yicha ham deyarli hech qanday faollik ko‘zga tashlanmayapti.
Boshqa mezbon davlatlardagi vaziyat ham bundan unchalik farq qilmaydi. Kanadada Jahon chempionatiga bo‘lgan qiziqish AQSHnikidan bor-yo‘g‘i 4 foizga yuqoriroq — 49 foiz. Yana bir mezbon – Meksikada esa bu ko‘rsatkich yanada ayanchli bo‘lib, maksimal darajaning atigi 29 foizini tashkil etmoqda. Bunga chiptalar juda qimmat ekanligi va tashkilotchilar tomonidan ataylab sun’iy taqchillik keltirib chiqarishga bo‘lgan urinishlar haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan hamda bir vaqtning o‘zida uchta davlat — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan dastlabki mundial sifatida tarixga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida AQSH prezidenti Donald Tramp chiptalar narxi o‘ta qimmat ekanligini keskin tanqid qilgan edi.













