«Manchester Yunayted» va Angliya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Ueyn Runi faoliyati davomida «Barselona»da to‘p surishni istaganini aytdi.
«Men o‘ynashni xohlagan Yevropa jamoasi? “Barselona”da to‘p surishni juda istardim. Ayniqsa, bizga qarshi nominal hujumchisiz o‘ynab, finalda g‘alaba qozongan jamoada.
Ularning safida o‘ynash men uchun oson bo‘lardi, chunki o‘yin uslubi menga juda mos kelardi. Ammo ularga qarshi maydonga tushish nihoyatda qiyin edi», — dedi Runi.
Angliyalik sobiq futbolchi 2011 yilgi Chempionlar ligasi finalini nazarda tutgan. «Barselona» o‘sha bahsda Lionel Messidan soxta «to‘qqizlik» sifatida foydalanib, «Manchester Yunayted»ni 3:1 hisobida mag‘lub etgandi.
«Uembli»dagi finalda Pedro hisobni ochgan, Runi esa birinchi bo‘limda muvozanatni tiklagan. Ikkinchi bo‘limda Messi va David Vilya urgan gollar kataloniyaliklarga bosh sovrinni taqdim etgan.
Runi 2009 yilgi Chempionlar ligasi finalida ham «Barselona»ga qarshi maydonga tushgan. Rimda o‘tkazilgan o‘sha uchrashuvda Pep Gvardiola jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Sobiq hujumchi 2010 yilda «Manchester Yunayted»dan ketishni o‘ylaganida «Barselona» bilan muzokaralar ham o‘tkazgan. U Messi, Xavi, Andres Inyesta va Serxio Buskets bilan bir jamoada o‘ynash imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqqan, ammo yakunda Manchesterda qolishga qaror qilgan.













