Ispaniyalik hujumchi Pedro Rodriges 2025/2026 yilgi mavsum tugagach, Italiyaning «Lasio» klubini tark etadi. Bu haqda klub matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
«“Piza”ga qarshi o‘yin men uchun ushbu futbolkadagi so‘nggi uchrashuv bo‘ladi. Sizlarning barchangizni stadionda ko‘rishga umid qilaman. Men uchun kelishingizni istayman. Lekin tushunaman, bu yil hamma uchun juda og‘ir va murakkab bo‘ldi va men sizlarning qaroringizni hurmat qilaman.
Ko‘ksimda ushbu emblema bilan bu futbolkani kiyish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Men doim sizlardan biri bo‘lib qolaman. Olg‘a, “Lasio”!» — dedi Rodriges.
38 yoshli Pedro 2021 yildan buyon «Lasio» safida to‘p tepib kelmoqda. Uning bundan avvalgi klubi Italiyaning «Roma» jamoasi bo‘lgan.
Joriy mavsumda hujumchi Italiya chempionatida 28 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Shuningdek, uning hisobida Italiya Kubogidagi 4 ta uchrashuv ham mavjud.













