Pep Gvardiola mavsum yakunlanganidan so‘ng bosh murabbiylik lavozimini tark etsa-da, «Manchester Siti» bilan hamkorlikni davom ettiradi.
Bugun «shaharliklar» va murabbiy Pepning klubdagi 10 yillik faoliyatidan so‘ng o‘z lavozimini tark etishini e’lon qilishdi. Ushbu davr mobaynida jamoa bilan jami 20 ta sovrin qo‘lga kiritildi.
«Man Siti» klubining ma’lum qilishicha, 55 yoshli kataloniyalik mutaxassis «City Football Group» xoldingining global ambassadori (elchisi) lavozimini egallaydi. Uning majburiyatlariga xolding tarkibiga kiruvchi klublarga texnik maslahatlar berish, muayyan loyihalar ustida ishlash va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kiradi.
Eslatib o‘tamiz, «Man Siti» — «City Football Group» xoldingining bosh klubi hisoblanadi. Ushbu xolding tarkibiga, shuningdek, «Baiya» (Braziliya), «Lommel» (Belgiya), «Nyu-York Siti» (AQSH), «Melburn Siti» (Avstraliya), «Montevideo Siti Torke» (Urugvay), «Jirona» (Ispaniya), «Yokogama F. Marinos» (Yaponiya), «Trua» (Fransiya), «Shenchjen Pen Siti» (Xitoy) va «Palermo» (Italiya) kabi klublar kiradi.













