«PSJ» hujumkor yarim himoyachisi Xvicha Kvarasxeliya o‘z o‘yinida qaysi jihatni yaxshilashni istashi haqidagi savolga javob berdi. Gruziyalik futbolchi aniq bir javob bermagan bo‘lsa-da, futbolchilar doimo oldinga intilishlari kerakligini haqli ravishda ta’kidlab o‘tdi.
«Menimcha, har bir futbolchi nimanidir yaxshilashi mumkin va men bundan mustasno emasman. Men doimo progressga erishishga, ko‘proq gol urishga va golli uzatmalar berishga harakat qilaman, lekin men uchun futbol — bu faqat gol va assist emas. Jamoaga yordam berish usuling muhimroq. Ba’zida sen gol urolmaysan yoki golli uzatma berolmaysan, ammo jamoaga g‘alaba qozonishda yordam berish uchun maydonda boringni berishing mumkin. Bu men uchun eng muhimi. O‘yin tugaganida, men jamoam uchun 100 foiz kuch sarflaganimni va uni g‘alabaga yetaklaganimni bilishni istayman», — deya Kvarasxeliyaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «PSJ» sayti.
2025/2026 yilgi mavsumda Xvicha Kvarasxeliya 47 ta o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi. «PSJ» navbatdagi o‘yinini shanba kuni, 30 mayda Chempionlar ligasi finali doirasida «Arsenal»ga qarshi o‘tkazadi. Sovrin uchun kurash Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.













