Eron vise-prezidenti Abdulkarim Hussaynzoda o‘zining X sahifasida BAAning “Shabab Al-Ahli” klubi hujumchisi Serdar Azmunni milliy terma jamoaga qaytarish lozimligini ma’lum qildi.
2025-yilning mart oyidan buyon terma jamoada o‘ynamayotgan 31 yoshli futbolchi Eronning JCH—2026 uchun e’lon qilingan dastlabki tarkibiga kiritilmagan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, bunga Azmunning Eron hududiga zarbalar bergan BAA shayxlari bilan birga tushgan suratlari sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, Azmun o‘zining Instagram sahifasida Eron hamon uning “qalbi va faxri” ekanini yozib, terma jamoaga mundialda muvaffaqiyat tiladi.
Vise-prezident futbolchining ushbu harakatlarini yuqori baholab, uni yana terma jamoaga chaqirish kerakligini yozdi:
“Vatanimiz har bir farzandini jipslashtirishi kerak. Shaxsiy ginalarni chetga surib, Eron nomini ulug‘laydigan insonlar — bizning milliy boyligimizdir. Serdar Azmunning bu vatanparvarligini e’tiborsiz qoldirmasligimiz lozim. Imkon boricha uni terma jamoaga qaytarishimiz shart. Bu shunchaki sportga oid masala emas, bu — milliy birlik belgisidir”.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron guruh bosqichida Yangi Zelandiya (15 iyun), Belgiya (21 iyun) va Misr (26 iyun) terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.













