Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Lionel Messining sog‘lig‘i borasidagi savollarga javob qaytardi. 38 yoshli futbolchi yaqinda «Inter Mayami» va «Filadelfiya Yunion» o‘rtasidagi MLS o‘yinida maydonni muddatidan avval tark etgandi. Hujumchi mushaklarida noqulaylik sezgani sabab almashtirishni so‘ragan, biroq keyingi tibbiy tekshiruvlar jiddiy jarohatni tasdiqlamadi.
«Biz o‘yinni mashg‘ulotlar markazida kuzatib turgandik va Messi zaxiraga olinishini so‘raganini ko‘rdik. Dastlabki taxminlar yomon emasdi va biz, albatta, unda hech qanday jiddiy jarohat yo‘qligiga umid qilgandik. Endi keyingi tekshiruvlar va o‘zini qanday his qilishini kutamiz. Tabiiyki, hammamiz Jahon chempionati arafasida unda hech qanday muammo bo‘lmasligini istaymiz. Asosiy maqsadimiz — uni mundialga eng yaxshi holatda olib kelish», — deya Skalonining so‘zlarini keltirmoqda DSports.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi Jahon chempionatidagi yurishini 17 iyun kuni Jazoir termasiga qarshi bahs bilan boshlaydi.













