Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachisi Deklan Rays Chempionlar ligasi finalidagi raqibi — «PSJ» haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. «Kanonirlar»ning turnirning amaldagi g‘olibiga qarshi uchrashuvi 30 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.
«PSJ» — chinakam kuchli jamoa. Biz ular bilan o‘tgan yilgi yarim finalda to‘qnash kelgandik, o‘shanda har qanday natija qayd etilishi mumkin edi. Bu gal eng kuchlisi g‘alaba qozonsin. «PSJ»dan uchralgan o‘sha mag‘lubiyatdan nimani o‘rgandik? Vaziyatlardan unumli foydalanishni, chunki o‘shanda bizda ular juda ko‘p bo‘lgandi. Bunday raqibni mag‘lub etish uchun eng yuqori saviyani ko‘rsatish kerak. Ilk daqiqalardan boshlab o‘ta yuqori kayfiyat bilan harakat qilish zarur», — deya UYEFA matbuot xizmati Raysning so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.













