«Manchester Yunayted» hujumchisi Benyamin Sheshko Angliyaga ko‘chib o‘tganidan keyingi ilk mavsumda duch kelgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi. «Qizil iblislar» sloveniyalik futbolchini o‘tgan yilning yozida Germaniyaning «RB Leypsig» klubidan 76,5 million yevro evaziga sotib olgan edi.
«Eng qiyin sinov Premyer-liga tempiga moslashish jarayoni bo‘ldi. Bu dunyodagi eng kuchli chempionat, bu yerda tezliklar juda yuqori... Har bir o‘yin sayin maydonda fikrlashim va harakatlanishim tezlashib bordi», – deydi Sheshko The United Stand nashriga bergan intervyusida.
22 yoshli futbolchi yakunlangan APL mavsumida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 11 ta gol va bitta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.













