O‘zbekiston olimpiya (U23) terma jamoasi joriy yilning iyun oyida Sloveniyada xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Mazkur tayyorgarlik bosqichi doirasida vakillarimiz kuchli raqiblar — AQSH hamda Yaponiya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov bo‘lajak yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxatini jamoatchilikka taqdim etdi.

E’tiborlisi, olimpiyachilarimiz bugundan boshlab Toshkentdagi Milliy futbol markazi bazasida yig‘ilishdi va dastlabki mashg‘ulotlarga kirishishdi. Poytaxtdagi qisqa muddatli tayyorgarlikdan so‘ng, jamoa delegasiyasi xorij yig‘inini o‘tkazish uchun Sloveniyaga jo‘nab ketadi.













