Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/05 21:00 PSJ - Arsenal

Murodjon Ahmadaliyev, Abdumalik Halokov va Lazizbek Mullajonov Toshkentdagi boks oqshomida g‘alaba qozondi

Murodjon Ahmadaliyev, Abdumalik Halokov va Lazizbek Mullajonov Toshkentdagi boks oqshomida g‘alaba qozondi

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT / Sport turlari / Boks
Rukn: Yangiliklar

Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempionlari va qator taniqli bokschilar ishtirokida yirik professional boks oqshomi bo‘lib o‘tmoqda. WBC Eurasia, O‘zbekiston professional boks federasiyasi hamda “Lift Promotion” promouterlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqa dasturidan o‘rin olgan janglar nafaqat reyting ochkolari, balki bir nechta vazn toifalarida WBC Eurasia chempionlik kamarlari uchun ham kechdi.

Halokov — Kumar

Turnir doirasida Olimpiada chempioni Abdumalik Halokov hindistonlik Vishal Kumarga qarshi ringga ko‘tarildi. 6 raundga mo‘ljallangan ushbu jang muddatidan oldin yakunlandi. Halokov o‘zining kuchli zarbalari evaziga raqibini ikkinchi raunddayoq texnik nokaut bilan taslim etdi. Shu tariqa, u professional ringdagi uchinchi jangida uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Mullajonov — Garsiya
Musobaqaning yana bir markaziy jangi havaskor boksda Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Lazizbek Mullajonov hamda venesuelalik Luis Xose Marin Garsiya o‘rtasida kechdi. Og‘ir vazn toifasidagi WBC Eurasia kamari uchun o‘tkazilgan bellashuv uchinchi raundda to‘xtatildi. Venesuelalik bokschining qoidabuzarliklari va hakam tomonidan berilgan ogohlantirishlari ko‘payib ketgani sababli referi jangni yakunlashga majbur bo‘ldi. Natijada Lazizbek Mullajonov muddatidan avval g‘olib deb topilib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Ismoilov — Shoti
O‘zbekistonlik 24 yoshli bokschi Nurislom Ismoilov tanzaniyalik sportchi Lupakisyo Shotiga qarshi ringga chiqdi. Super o‘rta vazn toifasidagi WBC Eurasia kamari uchun kechgan 10 raundlik bahsning so‘nggi, o‘ninchi raundida Ismoilov ustunlikka erishib, raqibini texnik nokautga uchratdi. Bu Ismoilovning professional boksda o‘tkazgan 9-jangidagi to‘qqizinchi g‘alabasi bo‘ldi. 26 yoshli Shoti esa faoliyatidagi 11-jangida ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa, Nurislom Ismoilov o‘zining hisobidagi WBC CISBB kamariga qo‘shimcha ravishda WBC Eurasia unvoniga ham ega chiqdi.

Abdullayev — Akon
Musobaqa doirasida o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Abdullayev Gana vakili Stefan Akonga qarshi ringga ko‘tarildi. 6 raundga mo‘ljallangan bahsda Abdullayev raqibini to‘rtinchi raundda nokautga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu 23 yoshli sportchining professional boksdagi yettinchi jangida qo‘lga kiritgan yettinchi g‘alabasi hisoblanadi.

Ahmadaliyev — Moskeda

Kechaning markaziy jangida ikkinchi eng yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev o‘zining navbatdagi g‘alabasini tantana qildi. Ushbu bahsda o‘zbekistonlik bokschiga Venesuela vakili Egli Moskeda raqiblik qildi.

Yarim yengil vazn toifasida o‘tgan va 10 raund etib belgilangan bellashuv uzoq davom etmadi. Ahmadaliyev dastlabki daqiqalardanoq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va 4-raundga kelib raqibini texnik nokaut evaziga muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng, Murodjon Ahmadaliyevning professional ringdagi ko‘rsatkichi 15 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatga yetdi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 08:36, 30.05.2026.
O'qildi: 475 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик