«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik yangi mavsum oldidan futbolchilarini qo‘yib yuborish istagida emas. Ingliz mutaxassisining fikricha, Meyson Maunt va Nussair Mazraui kelasi mavsumda «qizil iblislar»ning Chempionlar ligasidagi ishtirokini hisobga olgan holda, tarkib kengligini ta’minlash uchun jamoaga kerak bo‘ladi.
The Athletic nashrining xabar berishicha, murabbiy ayniqsa ingliz va marokashlik futbolchilarning universalligini yuqori baholaydi, shu sababli yozgi transfer oynasida ularning sotilishiga rozilik bermaydi.
Maykl Kerrik yanvar oyida Ruben Amorimning o‘rnini egallab, «Manchester Yunayted» boshqaruvini qo‘lga olgan edi. Mankunianliklar Premyer-ligani uchinchi o‘rinda yakunlagach, amaldagi murabbiy bilan shartnoma 2028 yilgacha uzaytirildi.













