Formula-1 bo‘yicha yetti karra jahon chempioni Lyuis Xemilton Chempionlar ligasi final uchrashuvi oldidan «Arsenal» futbolchilariga dalda beruvchi so‘zlar bilan murojaat qildi. Londonliklar bugun, 30 may kuni Budapeshtdagi «Pushkash Arena»da «PSJ»ga qarshi maydonga tushishadi.
«Bu mening jamoam — «Arsenal» uchun. Sizlar bilan juda faxrlanaman, yigitlar. Qilayotgan barcha ishlaringiz uchun katta rahmat. Faqat oldinga intiling va o‘zingizga ishonishda davom eting. Men sizlar bilanman va bu finalni albatta tomosha qilaman. Shunday ekan, shunchaki maydonga tushing va o‘yindan zavq oling. Sizlar allaqachon eng zo‘risizlar», — dedi Xemilton klubning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi uchun yo‘llagan videomurojaatida.
Avvalroq «Arsenal» «Manchester Siti»ni ortda qoldirib, muddatidan oldin Angliya Premyer-ligasi chempioniga aylangan edi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.













