«Liverpul» futbol klubi Arne Slotning bosh murabbiylik lavozimidan ketayotganini rasman tasdiqladi. Ushbu qaror zudlik bilan kuchga kiradi va klub allaqachon yangi murabbiy qidirish jarayonini boshlab yuborgan.
47 yoshli niderlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida «qizillar» APLning 2025/26 yilgi mavsumini beshinchi o‘rinda yakunlashdi, biroq Angliyaga berilgan qo‘shimcha yo‘llanma evaziga jamoa baribir Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Slot 2024 yilda Yurgen Klopp ketganidan so‘ng «Liverpul» boshqaruviga kelgan edi. Ikki yil davomida u klub bilan faqatgina bitta sovrin — 2024/25 yilgi mavsumdagi Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.
Arne Slot ingliz klubi tepasida o‘tkazgan 113 ta o‘yinda 66 ta g‘alaba, 18 ta durang va 29 ta mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati esa 227:140 ko‘rinishini oldi.
E’tiborli jihati, Slot qo‘l ostidagi ikki yil ichida «Liverpul» 9 nafar yangi futbolchini sotib olish uchun jami 523 million yevro (453 million funt) mablag‘ sarfladi.













