«Liverpul» xo‘jayinlari jamoa bosh murabbiyi Arne Slotni iste’foga chiqarish qarori fonida bayonot e’lon qilishdi.
«Bu klub sifatida biz uchun qiyin qaror bo‘ldi. Arnening biz bilan ishlagan davrida «Liverpul»ga qo‘shgan hissasi salmoqli, ahamiyatli va eng muhimi — muxlislar va biz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi.
Biz uning barcha yutuqlarini, ayniqsa, mehnatsevarligi, tirishqoqligi va yuqori professional darajasini yuksak qadrlaymiz. Bu sifatlar uning o‘z sohasida yetakchi ekani haqidagi fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi.
Arne bilan ilk bor tanishgan lahzalarimizdanoq, u shunchaki mas’uliyatni bo‘yniga olibgina qolmay, balki uni chin dildan qabul qilishi ayon bo‘lgandi.
U bosh murabbiy sifatida jamoani boshqarishga rozi bo‘lganida, bizni APL chempionligiga yetaklaganida va o‘tgan mavsum davomida katta qiyinchiliklar hamda bosimlarga duch kelganida bu yaqqol ko‘rindi.
Shu bilan birga, barchamiz birgalikda klubning kelgusi rivoji uchun o‘zgarishlar zarur degan xulosaga keldik. Yana bir bor ta’kidlash joizki, bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmadi.
Biz «Liverpul»ni 20-chempionlik unvoniga yetaklagan murabbiy sifatida klub tarixida abadiy qoladigan Arnega o‘z minnatdorchiligimizni bildirmoqchi edik.
Ushbu muvaffaqiyat, ayniqsa, uning bosh murabbiylikdagi ilk mavsumidayoq qo‘lga kiritilgani — har kuni namoyon bo‘lgan ajoyib murabbiylik ishi va yetakchilik qobiliyatlari natijasidir.
Shuningdek, u Diogu Jotaning yo‘qotilishidan keyingi eng og‘ir davrlardan birini yengib o‘tishda klubga yordam berdi. O‘sha vaqtda u ko‘rsatgan hamdardlik va insoniylik uning shaxsiyati haqida ko‘p narsani anglatadi.
Biz Arnega murabbiylik faoliyatining keyingi bosqichida faqat eng yaxshi tilaklarni bildiramiz va u zafarlar quchishda davom etishini kutib qolamiz.
Uning «Liverpul»dagi merosi daxlsiz bo‘lib qoladi va kelajak yillar hamda o‘n yilliklar davomida yanada ahamiyatliroq bo‘ladi.
Jamoa rivojlanishining eng yaxshi yo‘li — yo‘nalishni o‘zgartirishdir. Bu Arne tomonidan amalga oshirilgan ishlarni va unga bo‘lgan hurmatimizni aslo kamaytirmaydi. Bu uning iqtidorini ham shubha ostiga qo‘ymaydi. Bu shunchaki boshqacha yondashuv zarurligini anglatadi.
Arne bizning minnatdorchiligimiz, APL chempionlik unvoni va uni hamda oilasini «Enfild»da doim intizorlik bilan kutishlarini anglagan holda ketmoqda», — deyiladi klub xo‘jayinlari bayonotida.













