Bugun Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan UYEFA Chempionlar Ligasining hal qiluvchi final bahsi Londonning “Arsenal” klubi uchun 2025/26 yilgi mavsumdagi jami 63-uchrashuv sifatida tarixga kiradi.
Ushbu ko‘rsatkich evaziga London jamoasi Yevropaning kuchli beshlik chempionatlari vakillari orasida joriy mavsumda eng ko‘p rasmiy o‘yin o‘tkazgan klubga aylandi.
Qayd etish lozimki, 63 ta uchrashuv “Arsenal”ning oxirgi 46 yil ichidagi bir mavsumda o‘tkazgan eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi. Klub tarixidagi mutlaq rekord esa 1979/80 yilgi mavsumga tegishli bo‘lib, o‘shanda jamoa bir yil davomida naq 70 ta bahsda maydonga tushgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa futbolining joriy mavsumdagi eng muhim o‘yini bugun, 30 may shanba kuni Vengriya poytaxtidagi “Pushkash Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanishi belgilangan.













