«Al-Ittihod» Ibraima Konateni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Avvalroq himoyachi «Liverpul» bilan shartnomani uzaytirmasligi ma’lum bo‘lgan edi. Fransuz futbolchisini tekin transfer (erkin agent) sifatida o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun «PSJ», «Real», «Bavariya» va «Chelsi» klublari da’vogarlik qilayotgani xabar qilingandi.
Foot Mercato nashriga ko‘ra, «Al-Ittihod» fransiyalik futbolchini mudofaa chizig‘ini kuchaytirish uchun ustuvor maqsad deb hisoblamoqda. Biroq Saudiya klubi uchun bu transferni amalga oshirish oson kechmaydi. Jamoa Saudiya Arabistoni chempionatida kutilganidan ancha past natija qayd etib, 5-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, bosh murabbiy Serjiu Konseysau klubni tark etishni istayapti va uning ketishi tobora realroq ko‘rinmoqda. Shu bilan birga, klub tuzilmasida bir qator o‘zgarishlar, xususan, Ramon Planes o‘rniga yangi sport direktori tayinlanishi kutilmoqda, unga klubning sport strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklanadi.
Foot Mercato qayd etishicha, ushbu vaziyatda «Al-Ittihod» Konatega mukammal tarzda ishlab chiqilgan loyihani taqdim etish qiyin kechishini anglab turibdi, ammo klub transfer bozorida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishga qat’iy bel bog‘lagan.













