«Yuventus» huquqiy jihatdan «PSJ»ga tegishli bo‘lgan hujumchi Randal Kolo-Muanini yana o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qiladi. Fransiyalik futbolchi 2024/25 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida ijara asosida «keksa sinyora» tarkibida muvaffaqiyatli to‘p surgan edi.
Turinliklar o‘tgan yilning avgust oyida va joriy yilning yanvarida ham futbolchi bilan qayta shartnoma imzolashga urinishgan, biroq har ikki safar ham bu harakatlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.
Jurnalist Fabrisio Romanoning xabariga ko‘ra, «Tottenxem»dagi ijara muddati tugab, Parij klubi ixtiyoriga qaytadigan hujumchi borasida «Yuventus» «PSJ» bilan yangi muzokaralarni boshlamoqda. Liga 1 grandi Kolo-Muanining xizmatlariga ehtiyoj sezmayapti, shu sababli kelib tushadigan takliflarni mamnuniyat bilan ko‘rib chiqishga tayyor. 27 yoshli futbolchining o‘zi ham «Yuventus»ga qaytishga qarshi emas.













