Italiyaning «Inter» klubiga himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun David Alaba va Xarri Maguayr nomzodlari taklif etildi. Bu haqda «Gazzetta dello Sport» nashri xabar bermoqda.
Yozgi transfer oynasida faol bo‘lishi kutilayotgan «neradzurrilar» rahbariyati ayni damda mudofaani mustahkamlash variantlarini ko‘rib chiqmoqda. So‘nggi haftalarda bir qator futbol agentlari klub sport direktori Pyero Auzilioga tajribali himoyachilar xizmatini taklif qila boshlashgan.
Ro‘yxatning boshida turgan 33 yoshli David Alabaning «Real Madrid» bilan shartnomasi yakuniga yetgani bois, u erkin agent maqomida turibdi. Uning tengdoshi, «Manchester Yunayted» a’zosi Xarri Maguayr esa klubda yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotganiga qaramay, Angliya terma jamoasi qaydnomasidan tashqarida qolmoqda.
Shunga qaramay, Milan grandi ushbu ikki yulduzni sotib olish fikridan yiroq. Klubning yangi xo‘jayini — Oaktree kompaniyasi hamda sport rahbariyati jamoani yoshartirish va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Shu sababli, Alaba va Maguayrning yoshi hamda ularning yuqori maosh talablari «Inter»ning hozirgi transfer siyosati va moliyaviy modeliga to‘g‘ri kelmaydi.
Amaldagi Italiya chempionlarining diqqat markazida esa boshqa futbolchi turibdi. Klub «Udineze» safida «Red Bull Zalsburg»dan so‘ng porlab chiqqan umidli himoyachi Umar Soleni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. 25 million yevroga baholanayotgan fransiyalik futbolchining transferini amalga oshirish uchun «Inter» o‘zining 23 yoshgacha bo‘lgan jamoasi vakillaridan birini sotib yuborishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, «Roma» himoyachisi Evan N'Dika ham universalligi tufayli milanliklarning short-listidan joy olgan.













