«Barselona» «Manchester Siti» yarim himoyachisi Bernardu Silvani o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. «TV3» ma’lumotlariga ko‘ra, kataloniyalik klub portugaliyalik futbolchining agenti Jorje Mendesh bilan to‘liq kelishuvga erishgan va jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik ushbu transferni ma’qullagan.
«Manchester Siti»dan ketganidan so‘ng erkin agentga aylangan Silva «Barselona» rahbariyati tomonidan katta xarajatlarsiz tarkibni kuchaytirish imkoniyati sifatida qaralmoqda. Futbolchining o‘zi ham La Ligaga o‘tishdan manfaatdor.
Shunga qaramay, transfer rasmiylashtirilishi hozircha kechiktirilmoqda. Klubda bitimni yakunlash uchun avval tarkibdan joy bo‘shatish va mavjud o‘yinchilardan birini sotish orqali moliyaviy holatni yaxshilash kerak deb hisoblashmoqda. Manbaga ko‘ra, Silvani tarkibga qo‘shib olish uchun asosiy shart — Mark Kasado yoki Runi Bardjining jamoadan ketishi hisoblanadi.
«Barselona» aynan ulardan biri ketgandan keyingina portugaliyalik xavbek transferini rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda. Ayni damda Bardjini sotish ustuvor vazifa deb bilinmoqda, unga bir nechta klub, xususan, Amsterdamning «Ayaks» jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Kasado bilan bog‘liq vaziyat esa qiyinroq, chunki unga da’vogarlar soni kam. Ta’kidlanishicha, ushbu yarim himoyachiga eng aniq qiziqish «Monako» tomonidan bildirilmoqda.













