Insayder Fabrisio Romano «X» ijtimoiy tarmog‘ida «Manchester Yunayted» yarim himoyachi Edersonning transferi bo‘yicha «Atalanta» bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Shartnoma 2031 yilgacha imzolanadi.
26 yoshli braziliyalik futbolchi ingliz klubining yozgi ilk transferi bo‘ladi. Shu bilan birga, «Manchester Yunayted» yana kamida bitta yarim himoyachi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «ESPN» nashri «MYU» Edersonning transferi uchun taxminan 40 million yevro to‘lashi haqida yozgan edi. «Transfermarkt» portali futbolchining transfer qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.
Ederson 2022 yilning iyul oyidan buyon «Atalanta» safida to‘p surib kelayotgan edi. 2025/26 yilgi mavsumda u 41 ta o‘yinda ishtirok etib, uchta gol urdi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.













