Norvegiya FIFAni siyosiy betaraflikni saqlab qolish uchun Tinchlik mukofotini boshqa hech kimga topshirmaslikka chaqirdi.
Norvegiya futbol federasiyasi FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi shikoyatni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar berdi tashkilot rahbari Lize Klaveness. Milliy terma jamoa Jahon chempionatiga jo‘nab ketishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqarkan, u mazkur maktub allaqachon Xalqaro futbol federasiyasiga yuborilganini ma’lum qildi.
Norvegiya futbol federasiyasi (NFF) «FairSquare» huquqni himoya qilish tashkiloti tomonidan FIFAning Etika qo‘mitasiga yo‘llangan shikoyatni qo‘llab-quvvatladi. Ular Donald Trampning mukofotlanishi tashkilot ustavidagi siyosiy betaraflik qismini buzgan-buzmaganligini tekshirishni so‘rashmoqda.
«Biz maktubni yubordik va u allaqachon ma’lum siyosiy munosabatlarni keltirib chiqarmoqda. Ammo ish bajarildi. Biz jarayonni kuzatib boramiz, uni ilgari suramiz, uchrashuvlar so‘raymiz va Jahon chempionati tugaganidan so‘ng bosimni oshiramiz. Maktub muammoli deb qabul qilinayotganiga shubha yo‘q, ayniqsa, u milliy assosiasiyalardan biri tomonidan yuborilganda. Ammo [Budapeshtda FIFA vakillari bilan] uchrashuv yaxshi o‘tdi, nima uchun bu muammo deb qabul qilinayotgani va Norvegiya uchun bu masalada «FairSquare»ni qo‘llab-quvvatlash nega muhimligi haqida konstruktiv muhokama bo‘ldi. Biz boshqa federasiyalardan ham qo‘llab-quvvatlov oldik, ammo maktubni yakka tartibda yuborayapmiz», — deya ta’kidladi Klaveness.













