Darvozabon Yan Oblak madridning «Atletiko» klubidagi kelajagi borasida tarqalgan mish-mishlarga izoh berdi. Ispaniya grandi safida 12 mavsumni o‘tkazgan sloveniyalik darvozabon hali hech narsa aniq emasligini tan oldi.
«Rostini aytsam, nima bo‘lishini bilmayman. Bunga men katta ta’sir o‘tkaza olmayman. Mish-mishlar qiziqligini bilaman, ammo men o‘yinga diqqatimni qaratganman. Men doimo shartnomamni hurmat qilganman va bundan keyin ham shunday qilaman. Men hali qo‘lga kiritmagan sovrinlarni yutmoqchiman, ammo oxirgi so‘z klubga tegishli», — deydi darvozabon «Nogomania» nashriga bergan intervyusida.
«Qarorni klub qabul qiladi. O‘zimga kelsak, o‘zimni ajoyib his qilyapman va yana bir necha yil davomida eng yuqori saviyada o‘ynay olishimga ishonchim komil», — deya yakunladi Oblak.
Eslatib o‘tamiz, Oblak «matraschilar» bilan jami 4 ta sovrin, jumladan, Ispaniya chempionati va Yevropa Ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.













