Braziliya terma jamoasi a’zosi Kazemiro oldinda turgan jahon chempionati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadi.
«Biz asosiy favorit emasmiz. Ehtimol, bu safar biroz ortda qolayotgandirmiz, ammo biz hushyormiz va bu har doim ijobiy holat», — dedi Kazemiro FIFA matbuot xizmati vakili bilan suhbatda.
34 yoshli futbolchi musobaqaga tayyorgarlik jarayoni oson kechmaganini ta’kidladi: o‘tgan yili Braziliya futbol konfederasiyasi bosh murabbiy etib Karlo Anchelottini tayinladi va yangi prezidentni sayladi.
«Bu og‘ir davr bo‘ldi: murabbiylarning almashinishi, prezident o‘zgarishi va ko‘plab to‘sqinliklar. Biz futbolda katta tajribaga ega murabbiy bilan bir yil ishladik, lekin aslida jami bo‘lib 40 kungina birga ishlaganmiz. Men musobaqaga a’lo darajada tayyor holatda kelishimizga ishonaman. Tarkibimizda saviyali, tajribali, shijoatli va yosh o‘yinchilar bor. O‘ylaymanki, bu turnir uchun bizda yaxshi muvozanat mavjud», — dedi yarim himoyachi.
Eslatib o‘tamiz, Braziliya guruh bosqichida Marokash, Gaiti va Shotlandiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.













