«Transfermarkt» portali talqiniga ko‘ra, Londonning «Arsenal» klubi futbolchisi Vilyam Saliba jahon futbolidagi eng qimmat markaziy himoyachiga aylandi. Nufuzli portal ekspertlari fransiyalik futbolchining yangilangan transfer qiymatini 100 million yevroga baholadi.
«Kanonirlar» himoya qo‘rg‘oni yetakchisi shu tariqa tarixda bu marraga yetishgan ikkinchi markaziy himoyachi bo‘ldi. Bunday narxga birinchi bo‘lib, 2019 yilda «Liverpul»ning amaldagi sardori Virgil van Deyk erishgan edi.
Vilyam Saliba «Arsenal»ga 22 yil ichida birinchi marta Premyer-ligada g‘olib chiqishga yordam berdi. 25 yoshli futbolchi yakunlangan mavsumda Mikel Arteta jamoasi safida 50 ta o‘yin o‘tkazib, bittadan gol va golli uzatma muallifiga aylandi.













