«Real Madrid» prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme madridliklar klubining sobiq yarim himoyachisi Toni Kroosning o‘z jamoasidan joy olishini istamoqda, deb xabar bermoqda COPE nashri.
Avvalroq ispaniyalik tadbirkor Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Visente del Boske rahbarlik lavozimini egallash uchun uning jamoasiga kelib qo‘shilganini e’lon qilgan edi.
36 yoshli germaniyalik sobiq futbolchi 2014 yildan 2024 yilgacha «Real» sharafini himoya qilgan. U klub safida barcha turnirlarda 465 ta o‘yinda maydonga tushib, 28 ta gol urgan va 99 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
«Real» prezidenti saylovlari shu yakshanba, 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
2025/26 yilgi mavsumda «Real» 86 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Turnir g‘olibligini esa 94 ochko bilan «Barselona» qo‘lga kiritdi.













