«Liverpul» sardori Virgil van Deyk yakunlangan mavsum haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Qizillar» mavsumni Angliyaning amaldagi chempioni sifatida boshlashgan edi, biroq qimmatbaho transferlarga qaramay, muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Arne Slot jamoasi chempionatni bor-yo‘g‘i beshinchi o‘rinda yakunladi va birorta ham sovrin yuta olmadi. May oyining oxirida esa bosh murabbiy iste’foga chiqarildi.
«Bu faoliyatimdagi eng og‘ir mavsum bo‘ldi — ayniqsa, ruhiy tomonlama. To‘xtovsiz ko‘tarilish va pasayishlar... Bizda barqaror o‘tgan davrning o‘zi deyarli bo‘lmadi. Ba’zida ajoyib o‘yinlar o‘tkazib, ketidan yana hamma narsani barbod qilardik. Bu yil «Liverpul»ning boshiga juda ko‘p narsa tushdi. Hammasi Diogu (Jota) haqidagi dahshatli xabarni eshitgan lahzamdan boshlandi va Saloh hamda Robertson uchun klubdagi so‘nggisi bo‘lgan oxirgi tur uchrashuvi bilan tugadi. Men maydonda o‘tirib, sakkiz yil davomida birga to‘p surgan mana shu ikki yigitga tikilib qoldim. Bu yerda o‘ynayotgan vaqtimdan beri hali hech qachon bunaqa tuyg‘uni boshdan kechirmagandim», — deya Anything Liverpool nashri Van Deykning so‘zlarini keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha mersisaydliklarning yangi bosh murabbiyi etib Andoni Iraola tayinlandi.













