Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem Angliya terma jamoasi tarkibi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shanba kuni Tomas Tuxel shogirdlari Xarri Keynning goli evaziga o‘rtoqlik uchrashuvida Yangi Zelandiya terma jamoasini mag‘lub etishdi (1:0).
«Biz tarkibda tajriba va yoshlikning ajoyib uyg‘unligini ko‘rib turibmiz. Jamoada yangi futbolchilar ham, anchadan beri terma jamoa sharafini himoya qilib kelayotganlar ham bor. Keyn, Xenderson, Stounz va Pikfordning tajribasi bizga ko‘p narsa berishi mumkin. Bizning tarkib juda kuchli», — dedi Bellingem ITV telekanaliga bergan intervyusida.
Jahon chempionatining guruh bosqichida inglizlarga Xorvatiya, Panama va Gana terma jamoalari raqiblik qiladi. Mundial startidan oldin «uch sherlar» Kosta-Rikaga qarshi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.













