Londonning «Arsenal» klubi markaziy himoyachisi Vilyam Saliba jamoaning o‘yin uslubi haqida gapirdi. «Kanonirlar» oxirgi 22 yil ichida ilk bor Premyer-liga chempionligini qo‘lga kiritishdi. Butun chempionlik mavsumi davomida Mikel Arteta shogirdlari standart vaziyatlarga asoslangan haddan tashqari pragmatik uslubi uchun tanqid qilindi.
«Men kelgan ilk mavsumda biz aql bovar qilmas futbol o‘ynagandik. Titulni yutishga loyiqmiz deb hisoblagandim, lekin yakunda ikkinchi bo‘ldik. Keyingi mavsumda yana ikkinchi o‘rinni olganimizda ham ustimizdan kulishdi. Bu mavsumda esa boshqacharoq o‘ynadik, biroq men tanqidlarga qo‘shilmayman. Ha, biz standartlardan ancha ko‘p gol uryapmiz, lekin butun liga o‘zgardi: hozir hamma autlar va burchak to‘plariga urg‘u bermoqda — biz shunchaki bu ishni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq uddaladik. Buni xuddi shu ruhda davom ettiramiz», — dedi Saliba L'Equipe nashriga bergan intervyusida.
«Arsenal» APLning 2025/26 yilgi mavsumi yakuniy turnir jadvalida «Manchester Siti»ni 7 ochkoga ortda qoldirib ketdi.













