«Manchester Siti»ning sobiq bosh murabbiyi Xosep Gvardiola «Barselona» ustozi Xans-Diter Flikni maqtab o‘tdi.
«Men Xansi Flikning ashaddiy muxlisiman. Bu jamoaning o‘yinlarini kuzatish juda maroqli», — deya Gvardiolaning so‘zlarini keltirmoqda El Chiringuito TV ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Xans-Diter Flik «Barselona» rulida ikki mavsumni o‘tkazdi. Bu vaqt ichida kataloniyaliklar ichki arenada ikki yilda o‘ynalgan oltita turnirning beshtasida g‘olib chiqishdi. Chempionlar Ligasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Flik qo‘l ostida «ko‘k-anorranglilar» yarim final (2025) va chorak finalgacha (2026) yetib borishdi.
Yaqindagina Xans-Diter Flik «Barselona» bilan shartnomasini 2028 yilning o‘rtalariga qadar uzaytirdi. Unda shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish bandi ham mavjud.













