Madridning «Real» klubi prezidenti saylovida g‘alaba qozongan 79 yoshli funksioner Florentino Peres muxlislar va jamoaga murojaat qildi.
«Biz g‘alaba qozondik. Men bu yerdaman, “Real Madrid" manfaatlarini himoya qilish uchun. Biz — bir oilamiz. Biz birgalikda sovrinlar yutishda davom etamiz. Chempionlar ligasidagi 16-sovrin uchun kurash bugundan boshlanadi», — dedi Peres.
Uning so‘zlarini jurnalist va insayder Fabrisio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, Peres saylovda ispaniyalik tadbirkor Enrike Rikelmeni ortda qoldirib, «Real» prezidenti lavozimiga qayta saylandi. U klubni 2030 yilgacha boshqaradi va bu uning mazkur vazifadagi ketma-ket sakkizinchi muddati bo‘ladi.
Yakunlangan Ispaniya chempionati mavsumida «Real» ikkinchi o‘rinni egalladi va mavsumni sovrinsiz tugatdi.













