«Manchester Yunayted» klubi yarim himoyachi Mateush Fernandesh borasida «Vest Xem» qo‘yayotgan talabni bajarishga tayyor emas. «Bolg‘achilar» portugaliyalik futbolchi uchun 80 million funt sterling (taxminan 92,5 million yevro) talab qilmoqda — «qizil iblislar» rahbariyati esa bunday narxga rozi emas, deb xabar bermoqda «Stretford End».
21 yoshli futbolchining o‘zi, boshqa klublar tomonidan qiziqishlar bo‘layotganiga qaramay, hanuzgacha «MYU»ga o‘tishni afzal ko‘rmoqda. Mankunianliklar bosh murabbiyi Maykl Karrik xavbekning o‘yinlaridan hayratda qolgan va uni o‘z jamoasida ko‘rishni istaydi.
«Transfermarkt» talqiniga ko‘ra, Mateush Fernandeshning bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi. Futbolchi Premyer-liganing o‘tgan mavsumida «Vest Xem» safida 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi, biroq London klubining Chempionshipga tushib ketishidan qutqarib qola olmadi.













